#Xalqaro_hamkorlik
07 Jun, 2026 - 10:00
4
#Xalqaro_hamkorlik
⚡️“C5+1” formatdagi uchrashuv doirasida Qozog‘iston Madaniyat va axborot vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan “C5+1” formatdagi uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida tomonlar madaniyat sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, uni yanada kengaytirish istiqbollari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv avvalida Aida Balayeva “C5+1” formatdagi nufuzli tadbirni yuqori saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik sezilarli darajada faollashganini, o‘zaro madaniy almashinuvlar va ijodiy tashabbuslar samarali natijalar berayotganini ta’kidladi.
Muzokaralar chog‘ida madaniy meros ob’yektlarini asrash va targ‘ib qilish, nomoddiy madaniy meros namunalarini o‘rganish, teatr va kino san’ati sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, ijodiy jamoalarning o‘zaro gastrol safarlarini tashkil etish, festivallar va madaniy tadbirlarni birgalikda o‘tkazish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda madaniyat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.