⚡️ Vazir repperlar va didjeylar bilan uchrashdi
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan repper va didjeylar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuv davomida zamonaviy musiqa san’atini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi musiqiy loyihalarni ko‘paytirish hamda sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Shuningdek, rep yo‘nalishida ijod qiluvchi san’atkorlar va didjeylar tomonidan sohani yanada rivojlantirish, ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh iste’dodlarni kashf etishga qaratilgan bir qator takliflar bildirildi.
Uchrashuv davomida madaniyat vaziri ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan ijodkorlarni bir maydonga jamlaydigan maxsus festival tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur festival zamonaviy musiqa ijodkorlari o‘rtasida tajriba almashish, yangi iste’dodlarni kashf etish va milliy madaniyatni zamonaviy musiqiy yo‘nalishlar orqali keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida sohani rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.