Hokimlar Toshkent viloyatidagi yirik loyihalar bilan tanishmoqda
07 Jun, 2026 - 10:00
3
Hokimlar Toshkent viloyatidagi yirik loyihalar bilan tanishmoqda
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 2-iyun kuni kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimlari Toshkent viloyatida amalga oshirilgan yirik investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar bilan tanishib, o‘zaro tajriba almashmoqda.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham ishtirok etib, hududdagi iqtisodiy va turistik salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan zamonaviy loyihalar faoliyati bilan tanishmoqda.
Jumladan, delegatsiya Chorvoq darvozasi hududida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma yechimlari bilan tanishdi. Shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi zamonaviy rekreatsion maskan — "Ugam River" markazi hamda "Chimyon" turistik majmuasi hududida joylashgan "Za’faron" mehmonxonasi sharoitlari ko'zdan kechirildi.
Tanishuv davomida mehmonlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xizmat ko‘rsatish sifati, investitsiyalarni jalb etish mexanizmlari va turistik infratuzilmani rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.
Bunday amaliy muloqot va tajriba almashuvlar hududlarda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.