#Taqdirlash
27 Aug, 2025 - 12:00
13
#Taqdirlash
Prezidentning tegishli farmoni bilan (https://t.me/shmirziyoyev/28739) O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Ozodbek Nazarbekovning qo‘shiqchilik san’atidagi samarali ijodiy faoliyati inobatga olinib, 2007-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”, 2010-yilda “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti”, 2012-yilda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonlari hamda 2014-yilda “El-yurt hurmati” ordeni, 2020-yilda “Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni, 2024-yilda “Tojikiston xalq hofizi” faxriy unvoni, 2024-yilda Qozog‘iston Respublikasi “Do‘stlik” ordeni, 2024-yilda “Qirg‘iziston xalq artisti” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Ozodbek Nazarbekov serqirra ijodkor bo'lib, uning “Boburxonlik”, “Lutfiyxonlik” turkumidagi yirik musiqiy loyihalari yoshlarda mumtoz adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qilgan bo‘lsa, ulug‘ shoir va mutafakkirlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlarida ular merosini keng targ‘ib qilib, barchani ezgu maqsad yo‘lida birlashtirishga qaratilgan tashabbuslari ham ibratlidir.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning benazir asari – “Inson” qasidasi bir necha tillarga tarjima qilinib, Ozodbek Nazarbekov tomonidan qo‘shiq qilib ijro etilgani katta e’tirof qozondi. Ushbu ijod namunasida inson g‘oyasi, inson qadri bugungi kunda ham qanchalar dolzarb ekanligi ko‘rsatib berilgan.
Shuningdek, mamlakatimizning shonli tarixi, buyuk siymolari va madaniyatini keng targ‘ib qilish, navqiron avlodni ajdodlarimizga xos mardlik, qahramonlik, shu muqaddas zaminga muhabbat ruhida tarbiyalash yo‘lida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Mana shu siyosatga uyg‘un tarzda Ozodbek Nazarbekov tashabbusi bilan ko‘p qismli “Mendirman Jaloliddin” badiiy filmi suratga olindi va telekanallar orqali namoyish etildi.
U Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya kabi mamlakatlarda betakror san’atkor va davlat arbobi sifatida alohida hurmat bilan tilga olinadi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan tarixiy islohotlar jarayonida Ozodbek Nazarbekovning madaniyat vaziri lavozimidagi samarali faoliyati, fidoyiligi, qator tashabbuslari tufayli keyingi yillarda sohada ko‘plab yangiliklarga qo‘l urildi, qator loyihalar hayotga tatbiq etildi. Turli festival va anjumanlar, hududlarning madaniyat kunlari, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish an’anaga aylandi.
Shuningdek, TURKSOY, ISESCO, MDH Gumanitar hamkorlik kengashi kabi xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar mustahkamlandi. 2020-yilda ko‘hna Xiva shahri “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti”, Samarqand 2025-yilda “MDHning madaniy poytaxti” maqomini olishida Ozodbek Nazarbekovning alohida hissasi bor.