E’tirof va ishonch uchun rahmat…
27 Aug, 2025 - 14:00
15
E’tirof va ishonch uchun rahmat…
Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida tegishli Farmoningiz orqali turli jabhalarda fidokorona mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan bir qatorda madaniyat va san’at sohasi vakillarining 80 nafaridan ortig‘i munosib rag‘batlantirilgani – yurtimizda ushbu sohaga bo‘lgan izchil e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va e’tirofning amaliy ifodasidir.
Shu sharafli fursatda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlanganimni, eng avvalo, menga ko‘rsatilgan ishonch emas, balki butun madaniyat jamoamiz, san’at va ijod ahliga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilaman. Bu unvon mening shaxsiy emas, balki xalqimizni ma’nan yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha hamkasblarimning mukofotidir.
Bugun yurtimizda madaniyat sohasiga qaratilgan strategik e’tibor tufayli ijodkorlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Bu e’tibor, bu g‘amxo‘rlik, shubhasiz, har bir ijodkorni ilhomlantiradi, uning zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi va yangi izlanishlarga chorlaydi.
Har bir sahnada yangrayotgan qo‘shiq, har bir sahnada gavdalanayotgan obraz, har bir kitobda bitilayotgan satr – xalqimizning ma’naviy dunyosiga qo‘shilayotgan beqiyos hissadir. Shuning uchun ham soha vakillariga va menga berilgan yuksak e’tiroflar bizni yanada samarali ishlashga, Vatan va xalqimizga yanada sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi.
Fursatdan foydalanib, Vatanimizning tinchligi, xalqimizning farovonligi va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash yo‘lida tinmas harakat qilayotgan barcha hamkasblarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Shunday yuksak e’tirof uchun esa davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorchilik izhor qilaman.
Mustaqilligimiz bardavom, yurtimiz obod, san’atimiz va ma’naviyatimizning ziyosi esa xalqimiz qalbini hamisha yoritib tursin!
Ozodbek Nazarbekov - O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri