#memorandum
18 Jun, 2025 - 16:12
13
#memorandum
Baxshichilik san’ati – umuminsoniy qadriyat
🔴 Xalqimiz madaniyatining hayotbaxsh manbai bo‘lgan baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish, uning milliy madaniyatimiz va san’atimizdagi o‘rni hamda ahamiyatini yuksaltirish, yosh avlodni milliy o‘zlikni anglash, Vatanga sadoqat, tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi kunning ustuvor vazifalaridandir.
🟢Shu maqsadda O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda “Respublika baxshichilik san’ati markazi” davlat muassasasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatni O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi A. Musaev hamda Respublika baxshichilik san’ati markazi davlat muassasasi direktori U. Norboev imzoladilar.
➡️Tomonlar hamkorlikda “Respublika baxshichilik san’ati markazi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmalari faoliyatida fidokor xodimlarni taqdirlab borish, O‘zbekiston xalq baxshilari va taniqli ustoz baxshilar ishtirokida respublikamiz bo‘ylab aholi madaniy dam olish maskanlarida, mahallalar, korxonalar va ta’lim muassasalarida yoshlar va aholini jalb qilgan holda davra suhbatlari, “Doston kechalari”ni o‘tkazish, baxshichilik san’atiga munosib hissa qo‘shgan mashhur baxshilar va marhum ustozlar tavallud kunlarini keng nishonlash, baxshilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj baxshilarni respublikamizdagi dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlariga yuborilishini tashkil etish, O‘zbekiston xalq baxshilari va taniqli baxshilar ishtirokida respublika miqyosida “Gala-konsert”larni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
➡️Baxshi deganda ko‘z oldimizda soch-soqoli oqargan, so‘zga usta va hozirjavob, dono nuroniy inson obrazi gavdalanadi. Yurtimizda berilayotgan e’tibor natijasida hozirgi kunda baxshichilik san’ati festivallarida tobora ko‘proq yosh yigitlar, hatto qizlar ham do‘mbira chalib, doston va termalarni kuylamoqdalar. Bugungi kunda baxshichilik o‘z an’ana va maktabiga, istiqboliga ega bo‘lgan san’atga aylandi.
🟢Ayniqsa, so‘nggi yillarda milliylikni chuqur anglash va yoshlar qalbida milliy qadriyatlarga nisbatan faxr va g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlash, Vatanimiz hududi insoniyat madaniyatining ilk beshiklaridan biri ekanligini jahon hamjamiyatiga yetkazish davlatimiz rahbari tomonidan doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda UNESCOning nomoddiy madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritilgan obyektlar soni 10 taga yetdi. Ular qatorida “Boysun tumani madaniy makoni”, “Shashmaqom” mumtoz musiqasi, “Katta ashula”, “Askiya san’ati”, “Navro‘z”, “Palov madaniyati va an’analari”, Marg‘ilon hunarmandchilik markazi (adras-atlas), Xorazm raqsi – “Lazgi”, “Miniatyura san’ati”, hamda “Baxshichilik san’ati” ham bor.