Surxondaryo viloyati turizm salohiyati Gonkongdagi xalqaro anjumanda namoyish etilmoqda
16 Jun, 2025 - 10:00
10
Surxondaryo viloyati turizm salohiyati Gonkongdagi xalqaro anjumanda namoyish etilmoqda
Gonkongda joriy yilning 12-15-iyun kunlari "ITE Hong Kong International Travel Expo" hamda "MICE Travel Expo" xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev rahbarligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston uchun ajratilgan maxsus pavilonda Surxondaryo viloyatining boy tarixiy merosi, milliy an’analari, urf-odatlari, an’anaviy liboslari, shuningdek, tarixiy obidalari va zamonaviy turistik obyektlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir doirasida delegatsiya a’zolari Gonkongning rivojlangan turizm infratuzilmasi va samarali tajribasi bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, xalqaro turoperatorlar va turistik kompaniyalar vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida faol muzokaralar olib borildi. Natijada, o‘nga yaqin hamkorlik shartnomalari va memorandumlar imzolandi.
Surxondaryo delegatsiyasining ushbu anjumandagi ishtiroki mamlakatimizning jahon turizm xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash, xorijiy sayyohlarni keng jalb etish hamda hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.