Turizm, madaniyat va ma'rifat sohalarida loyihalar taqdimoti bo'lib o'tdi
30 May, 2025 - 12:00
20
Turizm, madaniyat va ma'rifat sohalarida loyihalar taqdimoti bo'lib o'tdi
Prezidentimiz tomonidan turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sohasini kengaytirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrida barpo etilayotgan "Botanika bog‘i" hududida turizm yo‘nalishidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Jumladan, mehmonxonalar qurilishi, xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llar bo‘ylab "Turizm bekatlari"ni tashkil etish, "Zovboshi" massivida tog‘-dor yo‘li barpo etish, shuningdek, "Termiz Plaza" mehmonxonasini kengaytirishga oid tashabbuslar muhokama qilindi.
Taqdimot davomida loyihalarning texnik va amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqildi. Shuningdek, "Botanika bog‘i" hududida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ul rahbarlar tomonidan axborot berildi.
Viloyat hokimi tomonidan mehmonxonalar qurilishini jadallashtirish, qurilishi yakunlangan obyektlarni qisqa muddatda foydalanishga topshirish, shuningdek, zamonaviy qulayliklar — elektromobillar uchun zaryad qurilmalari, Wi-Fi tarmog‘i, ochiq kutish joylari kabi infratuzilmalarni qamrab olgan namunaviy "Turizm bekati"ni yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, Termiz shahrida Musiqali drama teatri uchun yangi bino qurish, shahar va tumanlar markazlarida esa kutubxonalar barpo etish loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Soha mas’ullariga tanlangan maydonlarda ushbu loyihalarni yuqori saviyada va namunaviy tarzda amalga oshirish vazifasi yuklatildi.